ASSALOMU ALAYKUM, HURMATLI HAMKASBLAR, QADRLI TALABALAR, MUHTARAMA OPA-SINGILLAR!

 

Avvalo, yurtimizga tashrif buyurgan yasharish, yangilanish fasli boʻlgan – bahor bayrami bilan barchangizni muborakbod etaman.

Bahor faslining avvalida butun dunyo boʻylab Xotin-qizlar kunini nishonlash yaxshi anʼanaga aylangan. Bunda ham, albatta, ramziy maʼno-mazmun bor. Zero, tabiatning uygʻonishi, yangi hayot nafasining ufurishi hayotimizga goʻzallik, qalblarimizga mehr-muhabbat olib kiruvchi ayollarimizning bayrami bilan hamohang.

Shu qutlugʻ ayyom – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan akademiyamizning barcha ayollarini, talaba-qizlarimizni, shuningdek, Sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha onalar, opa-singillarimizni chin dildan muborakbod etaman.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarning farovon hayot kechirishi hamda jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Ayollarni rozi qilish – davlatimizning eng katta siyosatidir” degan soʻzlari bilan jamiyatimizda xotin-qizlarga boʻlgan ehtiromning eng oliy namunasini koʻrsatib berdilar.

Kelajagimiz bunyodkorlari boʻlgan farzandlarimizni dunyoga keltirib, parvarishlab, voyaga yetkazadigan onalarimiz kelajakda ularning taʼlim va tarbiya topishi masalasini oʻzlari kabi mehribon hamda gʻamxoʻr muallimalarga ishonib topshirishadi. Ana shunday mehribon, gʻamxoʻr hamda bilimli mutaxassis-kadrlar va pedagoglar bizning akademiyamizda tayyorlanishi esa bizga alohida faxr, iftixor bagʻishlaydi.

Yana bir bora bahor va goʻzallik bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan qadrli ayollarimizni tabriklab, ularga eng samimiy tilaklarimizni bildiramiz. Oilamizga quvonch, hayotimizga goʻzallik olib kiruvchi onalarimiz, opa-singillarimiz baxtimizga doimo sogʻ-omon boʻlinglar. Bahoriy goʻzallik hamda koʻrkamlik Sizni hech qachon tark etmasin!

 

Hurmat bilan,

Akademiya rektori Shuhrat Toxtasimov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan