Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar!
Qadrli mehmonlar!
Madaniyat va sanʼat sohasining fidoyilari!
Bugkn oʻz mamlakati, xalqi, millati va butun insoniyat manfaati uchun mehrini, isteʼdodini tikkanlar bayrami.
Bugun mamlakatimizning madaniy merosini boyitadiganlarning bayrami.
Bugun elning bayramini tashkil etadiganlarning bayrami, yurtga yaxshi kayfiyat, quvonch, shukronalik ulashadiganlarning bayrami.
Bugun qalb kishilarining bayrami.
Avvalo, siz azizlarni va millionlab muxlislarni bugungi bayram bilan chin yurakdan tabriklayman.
Shu asnoda yilning bir kunini madaniyat va sanʼat xodimlari kuni sifatida belgilab qoʻygan Prezidentimizga alohida ehtirom va tashakkurimizni bildiraman. Bayramimiz uchun eng katta sovgʻa – bu Davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yoʻllagan tabrigidir.
Aziz doʻstlar!
Bizning madaniyatimiz bilim, hikmat va mehr madaniyatidir, bizning sanʼatimiz muhabbat va halovat sanʼatidir. Badiiy-falsafiy tafakkurimizni asrlar davomida yashatib kelayotgan, uning avloddan-avlodga oʻtishiga xizmat qilayotgan, qalblarimizni bilim, hikmat va muhabbatga toʻldirayotganlar sizdirsiz! Bor boʻling, boringizga shukr!
Aziz hamkasblar!
Mamlakatimizda kechayotgan katta islohotlar madaniyat, sanʼat va turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish, soha faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan; oʻtgan yillar mobaynida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar buning dalilidir. Bu hujjatlar sohani yanada rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yangilanishlar jarayoni faoliyatimizdagi boshqaruv tizimini zamon talablari darajasiga olib chiqish yoʻlida ham kechayotgani alohida eʼtiborga molikdir.
Xabaringiz bor, Prezidentimiz Farmoni bilan Madaniyat va turizm vazirligi tashkil etildi.
Bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Kinematografiya agentligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi ushbu vazirlik tarkibiga kiritildi.
Men bu yil birinchi madaniyat va turizm vaziri sifatida shu sahnada turib, qalbimdagi ezgu tilaklarni yoʻllash imkoniga ega boʻlganimdan sharaf tuyaman.
Oʻtgan bir yil davomida madaniyat va sanʼat sohasi uchun Davlat byudjetidan tarixda boʻlmagan juda katta mablagʻlar ajratilib, koʻp ishlar amalga oshirildi.
Uzundan-uzun raqamlarni keltirib oʻtirish niyatim yoʻq. Faqat ayrim jihatlarni qisqacha aytib oʻtsam.
Madaniyat markazlari musiqa cholgʻulari, oʻquv qoʻllanmalar, innovatsion jihozlar bilan taʼminlandi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida milliy musiqa ijrochiligi, xalq ijodiyoti, tasviriy sanʼat va estrada kabi yoʻnalishlar tashkil etildi.
Qancha yangi nomlar kashf etildi.
Joriy yildan boshlab tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan isteʼdodli yoshlar ishtirokida respublikaning har bir hududida “Yulduzli madaniyat karvoni” madaniy dasturi asosida konsert dasturlarini namoyish etish yoʻlga qoʻyildi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad madaniyat va sanʼat sohasini yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishdan iboratdir.
2022 yilda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Turkmaniston va Qozogʻiston Respublikalarida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tashkil etildi.
Turkmanistonda oʻzbek-turkman doʻstligi festivali oʻtkazildi.
“Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya” berish xizmati elektron shaklga oʻtkazildi.
Koʻzi ojizlar kitobxonlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Audiobooks” axborot tizimi ishlab chiqildi.
Respublika koʻzi ojizlar kutubxonasi va hududiy boʻlimlari tomonidan tayyorlangan 175 mingdan ortiq audio adabiyotlarni ushbu tizimga toʻliq kiritish ishlari amalga oshirilmoqda.
Respublikadagi 324 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqitish uchun ota-onalardan olinadigan toʻlovlarni monitoring qilishga moʻljallangan Elektron hukumatning yagona billing tizimi (billing.egov.uz) joriy etildi hamda 92 mingdan ortiq oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritildi.
“Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida oʻzbek xalqi milliy madaniyatini targʻib etuvchi tanlovlarni shaffof va haqqoniy oʻtkazish maqsadida milliytanlov.uz platformasi ishlab chiqildi.
2022 yilda xalqaro miqyosda “Lazgi”, “Toshkent bahori”, “Boysun bahori”, “Vodiy folk”, “Debyut – 2022” kabi xalqaro va respublika festivallari oʻtkazildi.
Ilk bor “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti taqdimot marosimi yuqori saviyada tashkil etildi va oʻtkazildi.
Joriy yilda esa milliy madaniyatimiz
va sanʼatimizni keng targʻib qilishga qaratilgan xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Jumladan, Guliston shahrida
uchinchi xalqaro Baxshichilik sanʼati festivali, Samarqandda “Sharq taronalari” sakkizinchi xalqaro musiqa festivali, Buxoro shahrida ikkinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkaziladi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida “Bahor nafasi” xalqaro festivali, Andijon viloyatida “Dunyo sadolari” xalqaro festivali, Toshkent shahrida Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivalini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Biz bu borada barcha ijodkor ziyolilarimiz qatori siz, hurmatli sanʼatkorlarimiz, madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining isteʼdod va salohiyatingiz, bilim va tajribangizga tayanamiz.
Qadrli madaniyat va sanʼat fidoyilari!
Jadid bobolarimiz hayot boʻlganlarida edi, bugun ilm-fan, madaniyat va sanʼatning drayverlari boʻlardilar. Ularning bosh maqsadi oʻz xalqini yuksaltirish, oʻz yurtini rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish edi. Maʼlum maʼnoda bunga erishdilar ham. Oʻz jonlari evaziga… Turli tazyiqlar davrida ham ular madaniyat va maʼrifatni rivojlantirish, mahalliy xalq orasida ziyolilar qatlamini shakllantirish, aholi orasida ilm-fanga qiziqish uygʻotishga intildilar.
Bizga ham jadidlarning sharafli yoʻllari nasib boʻlsin.
Soʻzimning yakunida sizlarni yana bir bor bugungi bayram bilan chin qalbimdan tabriklab, barchalaringizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, ijodiy muvaffaqiyat tilayman.
Iqtidoru ilhomingiz hech soʻnmasin, ishingiz odamlar koʻnglida ishqqa aylansin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Manba: https://t.me/madaniyatvazirligi/26025