O‘zbekiston davlat xorerografiya akademiyasi ikki yildan beri Hindistonning TOP mingtalikka kirgan Javaharla’l Neru universiteti bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
2023 yil yanvar va noyabr oylarida mazkur universitetda “Fors tili va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi” tashabbusi bilan “O‘zbekiston–Hindiston: ilmiy-madaniy hamkorlik-milliy va umuminsoniy qadriyatlar integratsiyasi” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilib, O‘zDXA professor-o‘qituvchilari va talabalarining o‘zbek raqs san’atigagi dolzarb mavzularga bag’ishlangan maqolalari anjuman materiallari to‘plamida hind va ingliz tillarida chop etildi.
Shuningdek, anjuman doirasida Dehlida hind va o‘zbek tillarida chop etilgan “Lazgi”-muhabbat va qalb raqsi (G.Matyoqubova), “O‘zbek bolalar folklor raqs san’ati: an’anaviylik va zamonaviylik” (H.Hamroyeva), “Lazgi”-Xorazm durdonasi (G.Matyoqubova, H.Hamroyeva), “Savat” raqs turkumi ma’naviy-ma’rifiy hodisa sifatida”(B.Xoliqova, H.Hamroyeva) nomli monografiyalar taqdimoti J.Neru universitetida o‘tkazildi.
Joriy yilning 16-fevral kuni O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlarda ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan J.Neru universiteti “Fors tili va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi” rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Akhlak Akhan bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Tadbirni O‘zDXA rektori, professor Sh.M.Toxtasimov ochib berdi va mehmonni akademiya faoliyati bilan tanishtirdi. Professor Akhlak Akhan hind–o‘zbek madaniy, ilmiy aloqalari haqida ma’ruza qilib, “Lazgi”-Xorazm durdonasi monografiyasini urdu tiliga tarjima qilish niyati borligini aytdi hamda ilmiy–ijodiy hamkorlikni yanada kengaytirish haqida kelishib olindi.
Lavhani “San’atshunoslik” yo‘nalishi 2–bosqich talabasi J.Mirsoliyev tayyorladi.