Bugun, 23-iyul kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan keldi. Delegatsiya tarkibidan Elchixona maslahatchisi Xu Lian xonim, ikkinchi kotib U Mènyin xonim va uchinchi kotib U Duo xonim o‘rin oldilar.
Tashrif doirasida akademiya rahbariyati bilan samarali uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat va san’at sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston va Xitoy xoreografik ta’lim muassasalari o‘rtasidagi kasbiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Xitoyning yetakchi xoreograflari ishtirokida xitoy xalq raqsi bo‘yicha bir qator mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar akademiya talabalari va pedagoglari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tajriba almashinuvi, kasbiy bilimlarni boyitish hamda Xitoyning betakror raqs merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Uchrashuv o‘zaro hurmat, madaniy qiziqish va do‘stona muhitda o‘tdi hamda akademiyaning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyati uchun muhim qadam bo‘ldi. Tashrif O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi navbatdagi ezgu tashabbus sifatida yodda qoldi.