Joriy yilning 29-aprel kuni “Xalqaro raqs kuni” munosabati bilan Toshkent shahar Uchtepa tumani madaniyat markazida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Uchtepa tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Raqslar jilosi” konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Mazkur konsertda akdemiyaning iqtidorli talabalari milliy hamda turli millat raqslarini mohirona ijro etib, konsertga tashrif buyurganlarni hushnud etishdi. Shuningdek, tumanning Bolalar musiqa va sanʼat maktabida raqsdan taʼlim oluvchi yosh isʼtedod sohiblari ham turli xalqlar raqslarini ijro etib olqishlarga sazovor boʻlishdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuxrat Toxtasimov soʻzga chiqib, barcha raqs ixlosmandalarini, tumanda ushbu soha boʻyicha ijod qilayotgan, faoliyat olib borayotgan sanʼatimiz fidoiylarini “29-aprel – Xalqaro raqs kuni” bilan muborakbod etib, oʻzining samimiy tilaklarini yoʻlladi.
Konsert soʻngida tuman bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, yosh iqtidor sohiblariga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib kelayotgani uchun Uchtepa tumani hokimligi tomonidan akademiya rektori Sh.Toxtasimov hamda OʻzDXAning iqtidorli talabasi, I.Karimov nomli davlat stipendiyasi sovrindori R.Aytmirzayevalarga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalar taqdim etildi.
Shuningdek, konsertdagi faol ishtiroki, betakror raqslari uchun barcha ishtirokchilarga ham esdalik sovgʻalari topshirilib, hamkorlikdagi mana shunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar kelgusida yana davom ettirilishi kelishib olindi.