9-sentyabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida ijro intizomi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov, vazirlik markaziy apparati vakillari, tizim tashkiloti rahbarlari hamda hudud vakillari (onlayn) ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda, kun tartibidagi 4 ta muhim masalalar muhokama etildi. Xususan, vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash hamda eng muhim faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlariga (KPI) erishishda shaxsiy mas’uliyatni oshirish to‘g‘risida; madaniyat ta’lim muassasalariga qabul yakunlari va yangi o‘quv yili rejalari haqida; davlat teatrlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda yangi mavsumdagi ustuvor vazifalar hamda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida kun tartibidagi ijro intizomi masalasi yuzasidan Prezidentimizning 117-son Farmonlari bilan ijro intizomi bo‘yicha yangi tizim joriy etilganligi, Vazirlar Mahkamasi tomonidan topshiriqlar ijrosini barvaqt – har oyning 25 sanasiga qadar to‘liq va sifatli ta’minlab, nazoratdan olinishi vazifasi qo‘yilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yangi tartib bo‘yicha har bir rahbar, har bir xodimning mas’uliyati 2-3 karra oshganligi, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida Hurmatli Prezidentimizning Farmon, qaror va bayonlaridagi 1 124 ta topshiriqning barchasi o‘z vaqtida ijrosi ta’minlaganligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan muhokamalarda ogohlantirilganligiga qaramasdan ba’zi hududiy bo‘linmalar va respublika tizim tashkilotlari bundan tegishli xulosa chiqarmaganligi, topshiriqlarning muddati o‘tganligiga nima sabab bo‘lganligi yuzasidan tegishli tizim tashkilotlarining rahbarlarining birma-bir hisoboti eshitildi.
Yuqoridagilardan xulosa chiqargan holda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Tegishli kamchiliklar bartaraf etishga aniq muddat belgilanib, bajarilmagan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi. Har bir topshiriq ijrosini har oyning 20-sanasiga qadar ta’minlash choralarini ko‘rish shartligi bo‘yicha qat’iy ogohlantirildi.
“Shu o‘rinda yana bir masala, sohada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ahvolini muhokama qilib olamiz.
Yarim yillik yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan Hay’at yig‘ilishida tizim rahbarlariga har oyda kamida bir marotaba aholi bilan samarali muloqotni tashkil etish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda murojaatlarning asossiz ko‘payishining oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar bergan edim.
Ma’lumot uchun, rejaga asosan avgustda vazir hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkazilgan 4 marta onlayn qabullarda jami 36 nafar fuqaro o‘z murojaat qilgan, shundan, 13 nafarining murojaati to‘liq ko‘rib chiqilib, qolgan 23 nafarining masalalari vazirlik mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda.
Hududiy madaniyat organlari rahbarlari joriy yil yakuniga qadar har oyda bir marotaba onlayn qabul o‘tkazish reja-grafigi tasdiqlandi, ijroga yo‘naltirildi.
Avgust oyida aksariyat hududiy madaniyat organlari tomonidan onlayn qabullar o‘tkazilgan bo‘lsa, ayrimlarida onlayn qabul o‘tkazilmagan.
Shu bilan birga mazkur o‘tkazilgan onlayn qabullar kuzatilganda, qabullarda ayrim fuqarolar inobatga olinmasa, onlayn qabullar mahalliy tizim tashkilot rahbarlari ishtirokida soha masalalarini muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish ko‘rinishida, nomiga o‘tkazilayotganligi, juda achinarli ahvolda.
Murojaatlarni o‘z vaqtida puxta va sifatli ko‘rib chiqish hamda murojaatlarning asossiz ko‘payishining oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berilishiga qaramasdan hududlar rahbariyati tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinmoqda.
Bundan tashqari, ayrim tuman va shahar madaniyat bo‘limlarida sog‘lom muhit mavjud emasligi natijasida tuman va shahar madaniyat bo‘limlari rahbarlaridan norozi bo‘lib murojaat qilish holatlari ko‘paymoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, har bir tizim tashkilot rahbarlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini qat’iy ta’minlashi, qabullarni tizimli va sifatli tashkil qilishlari lozim” – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Kun tartibidagi navbatdagi masalalar – madaniyat va san’at ta’lim muassasalari hamda davlat teatrlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va yangi mavsumdagi ustuvor vazifalar muhokama etilib, kun tartibidagi vazifalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida, kuni kecha 65 yoshni qarshilagan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuhrat Toxtasimov vazir Ozodbek Nazarbekov hamda yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qutlandi.