O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari 27-oktyabrdan 7-noyabrgacha xizmat safari doirasida Olmaota shahridagi Qozog‘iston xotin-qizlar pedagogika universitetida (QYZPU) malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqdalar.
Tashrif davomida akademiya mutaxassislari universitetning “Xoreografiya va art menejment” kafedrasi vakillari bilan uchrashib, malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish, stajirovka dasturining mazmuni va samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Professor-o‘qituvchilar klassik raqs, xalq sahna raqsi hamda qozoq xalq sahna raqsi mashg‘ulotlarida faol qatnashib, o‘quv jarayonini olib borish metodikasi, pedagog va konsertmeyster bilan ishlash tajribasini o‘rganmoqdalar. Shu orqali ular nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarini ham boyitmoqdalar.
Mazkur xalqaro stajirovka O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi nufuzini yanada oshirish, xoreografiya san’ati sohasida raqobatbardosh, keng dunyoqarashli va zamonaviy yondashuvga ega kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.









