Joriy yilning 30-oktabridan 3-noyabriga qadar Boshqirdiston Respublikasi, Ufa shahrida
“Kichik Nureyev festivali” — Xoreografik o‘quv yurtlari va akademiyalar VI Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi o‘qituvchisi Useinova Susanna Enverovna va XJR
ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Nozimaxon Xursanboyevalar munosib qatnashdilar.
Rossiya, Qozog‘iston, Belarusiya, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan yetakchi xoreografiya maktablari vakillari ishtirok etgan festival doirasida mashhur mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari, ma’ruzalar tashkil etildi hamda zamonaviy xoreografik ta’lim va klassik an’analarni saqlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Akademiya vakillari barcha tadbirlarda faol ishtirok etib, yuqori professionallik va xalqaro tajriba almashinuviga bo‘lgan katta qiziqishni namoyon etdilar va “Вся Уфа” telekanali jonli efirida chiqish qilib, O‘zbekistonda xoreografiya ta’limining rivoji haqida so‘z yuritdilar.
Tadbirda Rudolf Nureyev nomidagi Boshqird xoreografiya kolleji direktori,
Bоshqirdiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Albina Sharipovaga akademiya rektori, professor To‘xtasimov Shuxrat Maxmutovich nomidan hurmat belgisi sifatida esdalik sovg‘asi topshirildi.
Festivalning yakuniy gala-konsertida akademiya talabasi Nozimaxon Xursanboyeva ishtirokida milliy raqsimiz “Surnay Lazgi” raqsi ijro etilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi va qizg‘in olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Festival yakunida tashkilotchilar tomonidan faol ishtirok etgan akademiya talabasi diplom bilan, o‘qituvchi S.E.Useinova tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.
Festival materiallari bilan to’liq quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin. 👇👇👇
➡️ https://disk.yandex.ru/d/y–YNMPTDogovA
➡️ https://disk.yandex.ru/d/5nUC0gzNsYFSSg








