“Qashqadaryo raqs san’atining mintaqaviy xususiyatlari” mavzusidagi dissertatsion tadqiqot doirasida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 1-kurs tayanch doktoranti Yuliya Tairova Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida dala izlanishlarini olib bordi.
U Qarshi ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich xoreografiya maktab-internatining direktori S.N.Xaydarova bilan hamkorlikda Chiroqchi madaniyat markazida bo’lib, “Chiroqchi chiroqlari” xalq folklor-etnografik ansambli ishtirokchilari bilan uchrashdi.
Ekspeditsiyaning maqsadi — Qashqadaryo mintaqasining autentik raqs an’analarini o‘rganish va hujjatlashtirish, ularni asrab-avaylab kelayotgan, xalq merosining tirik saqlovchisi bo‘lgan ansambl faoliyatini tahlil qilishdan iboratdir.
Ish jarayonida ansambl ishtirokchilari bilan suhbatlar o‘tkazilib, repetitsiya jarayonlarida bevosita ishtirok etildi, bu esa xoreografik materialni uzatish metodikasini chuqur tahlil qilish imkonini berdi.
O‘tkazilgan ekspeditsiya Qashqadaryo raqs san’atining betakror merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.

