Boku xoreografiya akademiyasi rasmiy taklifga muvofiq, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor To‘xtasimov Shuhrat Mahmutovich joriy yilning 25-noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi xalq artisti, Boku xoreografiya akademiyasi xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Tarana Muradovaning yubiley kontsertida ishtirok etdi.
Heydar Aliyev nomidagi saroyda bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda yetakchi madaniyat va ta’lim muassasalari vakillari, san’at ustalari, xorijiy xoreografiya akademiyalari rahbarlari hamda OAV vakillari qatnashdi. Rasmi y qismda Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi, Boku xoreografiya akademiyasi, TURKSOY, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Qozog‘iston Milliy xoreografiya akavdemiyasi va boshqa tashkilotlarning tabriklari o‘qib eshittirildi. Tarana Muradovaning ozarbayjon xoreografiya san’atini rivojlantirishdagi katta hissasi yuksak baholandi.
Kontsert dasturidan Boku xoreografiya akademiyasi talabalari, Ozarbayjon davlat raqs ansambli, Davlat akademik opera va balet teatri ijrochilari chiqishlari, shuningdek, qozog‘iston, ozarbayjon va o‘zbek milliy raqslari o‘rin oldi.
Tashrif doirasida delegatsiya Boku xoreografiya akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Akademiya rahbariyati o‘quv jarayoni, ijodiy yutuqlar hamda moddiy-texnik baza bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etdi. Tomonlar tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ta’lim hamda ijodiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
Rektorining xizmat safari yuqori saviyada o‘tdi va akademiyaning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.









