Joriy yilning 14-fevral kuni Toshkent viloyati Ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi vakillari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.
♾ Mazkur darslarni “Xoreografiya pedagogikasi” kafedrasi mudiri Sultangirova Irina Radikovna hamda “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi dotsenti, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Saitova Erkinoy Yakubovna olib bordilar.
Mahorat mashg‘ulotlari davomida: I.R.Sultangirova tomonidan “Klassik raqs” fanidan nazariy va amaliy tushunchalar izohlandi, qo‘l va oyoq holatlari, asosiy pozitsiyalar hamda harakatlar texnikasining metodik jihatlari batafsil yoritildi.
E.Y. Saitova tomonidan “Doira” fanining 1- va 2-qismlari talqin etilib, harakatlarning ritmik uyg‘unligi, ijro madaniyati hamda sahnaviy ifoda vositalari amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi. Shuningdek, Qoraqalpoq milliy raqslariga xos qo‘l va oyoq holatlari, ularning o‘ziga xos plastika va ifodaviylik xususiyatlari metodik asosda tushuntirildi.
Mahorat darslari o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, milliy va klassik raqs san’ati an’analarini chuqur o‘zlashtirish hamda ijro mahoratini rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob hamda amaliy tavsiyalar oldilar.





