Raqs va haykaltaroshlik uyg‘unligi

Joriy yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari uchun “Sharq xalqlari raqs san’ati asoslari” fani doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida mazmunan boy va amaliy ahamiyatga ega innovatsion ko‘chma dars tashkil etildi.

Mashg‘ulot institutning “Haykaltaroshlik” kafedrasida akademiyaning “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi o‘qituvchisi Dosjanova Dilafruz Kaxramonovna tomonidan olib borildi. tashkil etildi.

Dars jarayonida talabalar nafaqat soha bo‘yicha nazariy bilimlarini boyitdilar, balki institut talabalari tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar bilan yaqindan tanishdilar hamda raqs va haykaltaroshlik san’ati o‘rtasidagi estetik va konseptual bog‘liqlikni tahlil qildilar.

Mashg‘ulotda jahon san’ati tarixidagi muhim namunalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, fransuz impressionizmi namoyandasi Edgar Degasning raqqosalarni tasvirlagan asarlari tahlil qilinib, undagi harakat dinamikasi va plastik ifoda vositalari ilmiy asosda sharhlandi.

Shuningdek, taniqli fransuz haykaltaroshi Antoine Bourdellening zamonaviy raqs asoschilaridan biri Isadora Duncanga bag‘ishlangan ijodiy ishlari chuqur o‘rganildi. Xususan, haykaltarosh tomonidan yaratilgan Dunkan byustlaridan birida boshining orqaga tashlanganligi, sochlarining harakatda tasvirlanishi va nigohining yuksakka qaratilganligi orqali ichki ruhiy ko‘tarinkilikni ifodalagan asar raqs va haykaltaroshlik uyg‘unligining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.

Dars zamonaviy innovatsion pedagogik metodlar asosida tashkil etilib, talabalarda mustaqil fikrlash, tahliliy mushohada yuritish, san’at turlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni anglash ko‘nikmalarini rivojlantirishda, bo‘lajak san’atshunoslarning kasbiy mahoratlarini shakllantirish va ularning estetik tafakkurini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan