Joriy yilning 26-fevral kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida ta’lim jarayonida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlashga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — talaba-qizlarni shilqimlik, tegajoqlik va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish, pedagog va xodimlarning huquqiy, psixologik hamda axloqiy mas’uliyatini kuchaytirish, xususan erkak pedagoglarning kasbiy etikasini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatiga Yakkasaroy tumani IIO FMB 3-son IIB boshlig‘i Sh.X. Saitov, XPB OTM PKI katta leytenant G. Matisakova, shuningdek FMB kiber bo‘limi inspektori A. To‘raqulov taklif etildi. Mutaxassislar tomonidan talaba-qizlarga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlar va zo‘ravonlik holatlarining huquqiy oqibatlari, javobgarlik choralari, intizomiy hamda jinoiy mas’uliyat masalalari atroflicha yoritildi.
Shuningdek, tadbirda Akademiyaning Ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i X.Atavullayev, psixolog R.Xolmatova, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi M.Jo‘rayeva ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur davra suhbati ta’lim muassasasida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish, gender tenglik tamoyillarini ta’minlash hamda har bir talabaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish yo‘lidagi tizimli ishlarning muhim bosqichi bo‘ldi.