Bugun, 3-mart kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Toxtasimov Shuxrat Maxmutovich Yashnobod tumanidagi 52-son imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktabda bo‘ldi.
Bahor faslining ezgu va samimiy ruhida mazkur ta’lim muassasasida akademiyada amalga oshirilayotgan inklyuziv raqs bo‘yicha amaliy loyiha doirasida “Bu mening onam” nomli ilmiy-ijodiy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda shuningdek, loyiha rahbari, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahzoda Xudoynazarova hamda dekan o‘rinbosari Yoqubjon Ostonoyev ishtirok etdi. Ular inklyuziv san’atning tarbiyaviy va ijtimoiy ahamiyati, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida aytib o’tdilar.
Tadbir jarayonida ona siymosining ulug‘ligi, mehr-muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari sahna chiqishlari orqali badiiy talqinda namoyon etildi. O‘quvchilarning samimiy ijodiy chiqishlari yig‘ilganlarga chuqur taassurot qoldirdi.
Yakunda akademiya rektori tadbir ishtirokchilari hamda onalarni samimiy muborakbod etib, mazkur maktab jamoasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, inklyuziv ta’lim va san’at loyihalarini izchil davom ettirish muhimligini ta’kidlab, maktab rahbari va jamoasiga alohida minnatdorchilik bildirdi.




