O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, “San’at va madaniyat yo‘lida yosh iste’dodlarni ro‘yobga chiqarish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Yangi O‘zbekiston iqtidorlari” san’atning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovining navbatdagisi joriy yilning 7-mart kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli ko‘rik-tanlov yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada mustahkamlash hamda kelajakda professional sahnaga dadil qadam qo‘yishlariga keng imkoniyat yaratishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tanlovda viloyatdagi barcha musiqa maktablari va “Barkamol avlod” bolalar markazlaridan 350 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etib, san’atning turli yo‘nalishlarida o‘z mahorat va iste’dodlarini namoyon etdilar. Har bir chiqish tomoshabinlar va hakamlar hay’ati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarning chiqishlari tajribali va yuksak malakaga ega hakamlar hay’ati tomonidan sinchkovlik bilan baholandi. Hakamlar hay’ati raisi sifatida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti v.b., pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shaxzoda Xudoynazarova ishtirok etdi.
Ko‘p yillik pedagogik va ijodiy tajribaga ega mutaxassislar tomonidan har bir ishtirokchining sahnadagi madaniyati, ijro mahorati, badiiy talqini hamda sahna obrazini yaratish qobiliyati chuqur tahlil qilindi. Natijada eng munosib, eng istiqbolli hamda san’at yo‘lida katta salohiyatga ega yosh iste’dodlar keyingi bosqichga saralab olindi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi bosqichda ishtirok etish uchun chegirmali yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdilar.
Ma’lumot o‘rnida: “Yangi O‘zbekiston iqtidorlari” ko‘rik-tanlovining navbatdagisi Buxoro viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha mamlakatimiz bo‘ylab yosh iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishda davom etadi.







