Joriy yilning 26-mart kuni “Fortuna fest Tashkent” xalqaro ko‘pjanrli tanlovi doirasida turli mamlakatlar hamda san’at yo‘nalishlari vakillari ishtirokida nufuzli ijodiy bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining “Zamonaviy raqs” yo‘nalishi 4-bosqich talabalari — Regina Gauer, Samira To‘xtabayeva va Oysha Utelovalar munosib ishtirok etdilar.
Iqtidorli talabalar tanlovda o‘zlari tomonidan yaratilgan mustaqil ijodiy kompozitsiyalari bilan ishtirok etib, yuksak darajadagi kasbiy mahorat, sahna madaniyati va ijodiy yondashuvni namoyon etdilar hamda hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, I darajali laureat unvoniga sazovor bo‘ldilar.
Mazkur yuksak natija pedagog Malika Nazarova rahbarligida olib borilgan tizimli tayyorgarlik, izchil mehnat hamda san’atga fidoyilikning yorqin ifodasidir.
Akademiya jamoasi nomidan iqtidorli talaba-qizlarimiz va ularning ustozini ushbu yuksak yutuq bilan samimiy muborakbod etib, kelgusi faoliyatlarida yanada ulkan zafarlar, ilhom va yangi ijodiy muvaffaqiyatlar tilaymiz!


