Kuni kecha, 30-sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 76 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Yuy Tszin taklifiga binoan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Shuhrat Mahmutovich Toxtasimov hamda akademiyaning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Abdulova Diana Ulfatovna faxriy mehmon sifatida ishtirok etdilar.
Tadbirda shuningdek, “Xoreografiya pedagogikasi” kafedrasi o‘qituvchisi, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori, “Madaniyat va san’at fidokori”ko’krak nishoni sohibi Kenjabayev Sherzod Aliyevich boshchiligida akademiya talabalaridan iborat raqs guruhi: Xojamuratov Aziz, Joldasbayev Jaras, Seytmuratov Oktam, Saparbayev Ajiniyaz va Shavkatova Sabrina “Uyg‘ur raqsi” va “Andijon polkasi” raqslarini ijro etib, kechaning yorqin bezagiga aylandilar va mehmonlar tomonidan iliq kutib olindilar.
Akademiya talabalari ijrosidagi raqslar O‘zbekistonning boy madaniy merosini yaqqol namoyon etib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Mazkur tadbirda ishtirok etish Akademiya uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston milliy san’atini jahon maydonida targ‘ib etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.