TDIUda 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni tantanali nishonlandi

Joriy yil 30-sentyabr kuni “1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Xalqlar do‘stligi san’at saroyida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda universitetning professor-o‘qituvchilari, uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritgan faxriy ustozlar, universitet rahbariyati hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori T. Teshabayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Rektor o‘z nutqida ustoz va murabbiylar samimiy tabriklar ekan, universitetning zamonaviy ta’lim standartlariga muvofiq ravishda faoliyat yuritishi, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida barqaror natijalarga erishishi hamda xalqaro maydondagi nufuzining tobora ortib borishida professor-o‘qituvchilarning fidokorona xizmatlarini beqiyos ekanligini alohida qayd etib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar pedagoglarning bilim va tajribalari nafaqat universitetning akademik salohiyatini yuksaltirishga, balki jamiyatning intellektual taraqqiyoti va yosh avlodni har tomonlama yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.

Tantanali marosimda bir qator professor-o‘qituvchilarga ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Xususan, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev tomonidan uch nafar professor-o‘qituvchimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat kengashi tomonidan universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori K. Karimova “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirning badiiy qismida universitetning iqtidorli talabalari hamda milliy estradamizning mashhur san’atkorlari sahnaga chiqib, kuy-qo‘shiq va raqslar orqali ishtirokchilarga ko‘tarinki bayramona kayfiyat ulashdilar.

Yana bir bor Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi barcha ustoz, murabbiylarni bayram bilan samimiy tabriklaydi!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan