Yakkasaroy tumani hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni aniqlash maqsadida tanlovning tuman bosqichi o‘tkazildi.
Tadbirda tumandagi iqtidorli, tashabbuskor va izlanuvchan qizlar 8 yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini namoyish etdilar.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti binosida tashkil etilgan tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyatida yuksak natijalarga erishgan iqtidorli qizlar ishtirok etdi.
Tanlov davomida nomzodlar o‘zining ilmiy ishlanmalari, ijodiy yutuqlari, sportdagi muvaffaqiyatlari va jamoatchilikdagi faolligi bilan ajralib turdilar. Shuningdek, ular axborot texnologiyalari yo‘nalishida amalga oshirgan innovatsion loyihalarini taqdim etib, o‘z iste’dodi va salohiyatini namoyon etdilar.
Baholash jarayonida ishtirokchilarning xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari hamda sport musobaqalarida qo‘lga kiritgan yutuqlari, shuningdek, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan faoliyati inobatga olindi.
Tadbir yakunida komissiya a’zolari tomonidan tanlovning tuman bosqichida g‘olib deb topilgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati







