“Madaniyat va san’at ta’lim tashkilotlarida o‘qitishning zamonaviy metodlari: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi

Kuni kecha poytaxtda ilk bor madaniy ta’lim yo’nalishida xalqaro konferensiya  o’tkazildi.

Unda, dunyoning 10dan ortiq mamlakatlaridan ishtirokchilar offlayn va onlayn qatnashishdi.

Ushbu Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o’rinbosari Avazxon Tadjixanov, Madaniyat vazirligi vakillari, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) vakili Maryam Gafarzada, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Yuliya Risyukova hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat ta’limi markazi direktori Alisher Djamaldinov hamda vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari rahbariyati va professor-o’qituvchilari ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro konferensiyada 100 nafarga yaqin olimlar, soha mutaxassislari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, ta’lim tashkilotlari rahbarlari, pedagoglar, ilmiy tadqiqotchilar, magistrlar, iqtidorli talabalar,  barcha qiziquvchilar hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi — madaniyat va san’at ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qitish jarayoniga innovatsion texnologiyalar va zamonaviy metodlarni joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, xalqaro olimlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslarini tashkil etishdan iborat bo‘lib, unda quyidagi ilmiy yo‘nalishlar o‘rin oldi:

1. Madaniyat va san’at ta’limi tashkilotlarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish.

2. Madaniyat va san’at ta’limi: muammo va yechimlar.

3. Madaniyat va san’at sohasida kadrlar tayyorlash istiqbollari.

Shuningdek, 300dan ortiq maqolalar kelib tushgan mazkur xalqaro konferensiyada 90dan ortiq maqolalar saralanib, “Madaniyat va san’at ta’lim tashkilotlarida o‘qitishning zamonaviy metodlari: yutuqlar va muammolar” nomli ilmiy to‘plam yaratildi.   

“Madaniyat va san’at ta’lim tashkilotlarida o‘qitishning zamonaviy metodlari: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi Konferensiya doirasida xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida taqdimotlar, ilmiy muhokamalar, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari hamda ilg‘or tajribalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan