Aziz yurtdoshlar! Qadrli jamoa!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, ilm-fan va san’at fidoyilari, aziz talabalar!
2025-yil o‘z yakuniga yetib bormoqda. Ushbu yil Akademiyamiz hayotida izchil rivojlanish, ilmiy va ijodiy salohiyatning mustahkamlanishi, salmoqli yutuqlar bilan yodda qolmoqda.
Yakunlanayotgan yilda Akademiyaning ilmiy salohiyati 62 foizga oshdi, bu esa professor-o‘qituvchilar jamoasining samarali faoliyati va tizimli islohotlar natijasidir. Hisobot davrida 3 nafar professor-o‘qituvchiga dotsent ilmiy unvoni berildi, shuningdek, 1 ta doktorlik dissertatsiyasi (DSc) muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Ilmiy faoliyat doirasida 7 ta monografiya nashr etildi, ulardan 3 tasi xorijiy nashrlarda chop etildi, bu esa Akademiya ilmiy maktabining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, 4 ta mualliflik guvohnomasi (patent) qo‘lga kiritildi.
Akademiyada ilmiy muloqot va tajriba almashuvini kuchaytirish maqsadida 5 ta xalqaro va 5 ta respublika miqyosidagi seminarlar tashkil etildi. 5 nafar talaba akademik mobillik dasturlari doirasida xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildilar.
Shu bilan birga, iste’dodli talabalarimiz turli tanlov va festivallarda yuqori natijalarga erishib, milliy xoreografiya san’atining nufuzini yuksaltirdilar.
Erishilgan barcha yutuqlar — bu Akademiya jamoasining birdamligi, fidoyiligi va yuksak maqsadlarga bo‘lgan ishonchi samarasidir. Bugun O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi an’analarga sodiq, zamonaviy fikrlaydigan va kelajakka dadil qadam tashlayotgan yetakchi ilmiy-ijodiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda.
Yangi yil arafasida barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik va farovonlik, ijodiy ilhom va yangi zafarlar tilayman. Kirib kelayotgan 2026-yil Akademiyamiz va butun jamoamiz uchun yanada yuksak marralar va ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘lsin.
Yangi yil muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Sh.M.Toxtasimov.