Urganch filialiga xizmat safari

Bugun, 8-yanvar kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi O‘quv ishlari hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar ishtirokida akademiyaning Urganch filialida tajriba almashishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvni filial direktori M.Kuchkarov ochib berdi va mehmonlarni qutlab, bunday tashriflar ta’lim sifati hamda ilmiy salohiyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
 Tadbir davomida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev o‘quv jarayonini tashkil qilish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etish, kredit-modul tizimi, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini baholash bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.
 Shuningdek, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozim Kasimov so‘zga chiqib, 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilda filial oldida turgan ustuvor vazifalar haqida tushuntirish berdi.
 Uchrashuvda filialning mas’ul xodimlari va professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalari bilan so‘zga chiqdilar. Tomonlar o‘zaro fikr almashib, kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, seminar-treninglar, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olishdi.

Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar o‘zaro tajriba almashish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish hamda barqaror akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan