O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2025-yil 26-sentabrdagi 456-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Saitova Erkinoy Yakubovna tomonidan Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xoreografiya o‘qituvchilari uchun “Ijod maskani” turkum tadbirlari doirasida mahorat darsi tashkil etildi.
Mazkur mahorat darsi davomida pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ijodiy yondashuvlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Dars jarayonida milliy raqs yo‘nalishida zamonaviy uslublar, sahnalashtirish texnikalari va badiiy ifoda vositalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘qituvchilar uchun davra suhbati tashkil etilib, unda xoreografiya sohasini rivojlantirish, ta’lim jarayoniga innovatsion metodlarni joriy etish hamda ijodiy salohiyatni yanada mustahkamlashga oid muhim metodik tavsiyalar berildi.







