Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri sahnasida “Tumor” raqs ansamblining yuksak saviyada tashkil etilgan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Mazkur madaniy tadbir o‘zbek xoreografiya san’atining boy an’analari va badiiy salohiyatini keng namoyon etgan muhim ijodiy voqea sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi birinchi bosqich talabalari ushbu konsertni tomosha qilib, sahnada o‘zlarining yuqori bosqichda tahsil olayotgan hamkasblari — ansambl tarkibida professional faoliyat olib borayotgan talabalarni ko‘rib, alohida faxr va mas’uliyat tuyg‘usini his etdilar.
Konsert davomida sahna o‘zbek milliy raqsiga xos nafislik, jozibadorlik hamda boy milliy koloritni yuksak badiiy talqinda aks ettirdi. Ushbu ijodiy kecha yosh san’atkorlar uchun ilhom va motivatsiya manbai bo‘lib, ularning kasbiy kamolot sari intilishlarini yanada mustahkamladi.