Joriy yilning 1-aprel sanasida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Shuxrat Toxtasimov yangi o‘quv yili uchun talabalar qabul jarayonlarini samarali tashkil etish hamda akademiyada ta’lim olish istagida bo‘lgan iqtidorli o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashish maqsadida Namangan shahrida joylashgan Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining xoreografiya bo‘limi bitiruvchilari bilan uchrashib, davra suhbatini o‘tkazdi.
Davra suhbatida o‘quvchilar akademiyada ta’lim olish jarayoni, qabul shartlari va istiqbolli imkoniyatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.
Shuningdek, rektor uchrashuv davomida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan Namangan shahrida barpo etilayotgan xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs maktab-internati qurilish jarayoni bilan yaqin tanishdi. Qurilish-montaj ishlarining borishi o‘rganilib, loyihachi tashkilotlar bilan mazkur ta’lim muassasasining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda zamonaviy va samarali yondashuvlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.





