Joriy yilning 14-oktyabr kuni Yunusobod tumanidagi 274-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
💠 Tadbir avvalida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi «San’at nazariyasi va tarixi» kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori (DSc), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi H.Hamroyeva ona tilimizning boy imkoniyatlari, uning millat ma’naviyati va milliy o‘zligimizni anglashdagi beqiyos o‘rni haqida mazmunli ma’ruza qildi.
📚 Tadbir doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adiba va dramaturg Shahodat Isaxonovaning «Chechaklar ifori» kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Kitob taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, adabiyot va ona tiliga bo‘lgan mehrni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
✅Ayniqsa, o‘quvchilarning ona tiliga bag‘ishlangan ta’sirchan she’rlari tadbirga alohida fayz va shukuh bag‘ishladi. Ular o‘z chiqishlari orqali ona tiliga bo‘lgan cheksiz hurmat va muhabbatini, milliy qadriyatlarimizga sadoqatini namoyon etdilar.
♾ Tadbir yakunida maktab direktori Shahnoza Rasulova samimiy tilaklarini bildirib, tashrif buyurgan mehmonlar va tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorligini izhor etdi.
✅ Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir ona tilimizning qadr-qimmatini ulug‘lash, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va tilga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ularini yuksaltirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
🔘Tayyorladi: O‘zDXA “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Odinaxon Allayarova.





