Akademik mobillik

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-sonli “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Qozog‘iston Milliy ayollar pedagogika universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida “Xoreografiya san’ati” mutaxassisligi bo’yicha 4 nafar 3-kurs talabalari: Zalgasbay Damira, Amirbekova Gulnaz, Serikpay Gauhar va Kononovich Angelinalar 2025–2026 o‘quv yilining bahorgi semestrida tahsil olishni boshladilar.

Ta’lim jarayoni tashqi akademik mobillik dasturi asosida “Xoreografik jamoalar rahbari” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha olib borilmoqda.

Xorijiy talabalar O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining yetakchi professor-o‘qituvchilari rahbarligida o‘zbek, klassik, xalq-sahna, tarixiy-maishiy, estrada hamda zamonaviy raqs yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish metodikalarini o‘rganib, bilim va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirmoqdalar.

O‘quv jarayonida talabalar o‘zbek raqs maktablarining rivojlanish tarixi, sahna san’ati asoschilari va milliy xoreografiya taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan mashhur namoyandalar ijodi haqida ma’lumotlar oladilar, shuningdek, musiqiy va xoreografik asarlar namunalarini o‘rganadilar.