Xalqaro aloqa

Joriy yilning 12-aprel kuni Qozog‘iston xalqi Assambleyasi Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyatining tashabbusi bilan O‘tror shahridagi Amir Temur memorial yodgorligi poyida Sohibqironning 689 yilligi munosabati bilan “Zamonaviy amirtemurshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Forumni Qozog‘iston xalqi Assambleyasi Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyatining raisi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondining Qozog‘iston bo‘limi rahbari Ikromjon Hoshimjonov kirish so‘zi bilan ochdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc), Qozog‘iston xalqi Assambleyasining Do‘stlik elchisi Hulkar Hamroyeva “Sohibqiron yodi ellarni va dillarni birlashtirmoqda” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasidagi o‘zbek tilidagi yagona ijtimoiy – badiiy nashr – “Janubiy Qozog‘iston” gazetasining bosh muharriri Raimjon Aliboyev, Qozog‘iston xalqi Assambleyasi Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati qoshidagi Oqsoqollar kengashi raisi B.Turdiqulov, Xalqaro Amir Temur jamoat fondining Qozog‘iston bo‘limi rahbar o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori S.G‘aniyevning nutqlarida  zamonaviy amirtemurshunoslikning dolzarb muammolari ko‘tarildi.

“Sohibqiron izdoshlari“ mavzusidagi ma’rifiy suhbatlar Qazig‘urt tumanidagi O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la nomli maktabda davom etdi. Mazkur ilm maskani Qozog‘iston Respublikasidagi eng nufuzli umumta’lim maktablaridan biri hisoblanadi. O‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan uchrashuv qiziqarli savollarga boy, nihoyatda yuqori saviyada o‘tdi. Tuman maslahat kengashi deputati, ta’lim maskani direktori B.Sobitov O‘zDXA bilan hamkorlikda atoqli shoir, dramaturg, mohir adib Turob To‘la ijodi va faoliyatiga bag‘ishlab xalqaro ilmiy -amaliy anjuman o‘tkazish taklifini bildirdi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan