Xitoy delegatsiyasining O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga rasmiy tashrifi

Joriy yilning 1-avgust kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rasmiy tashrif bilan kelgan Pekin “Ipak yo‘li madaniyatini rivojlantirish kompaniyasi” (xitoycha nomi: 北京海纳丝路文化发展有限公司) direktori Tszan Xunyan xonim, “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti direktori Akmalxon Sharapov hamda ushbu institut direktori o‘rinbosari Aziza To‘laganovalardan iborat Xitoy delegatsiyasini kutib oldi.

Tashrif doirasida akademiya rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib, unda xoreografik ta’limni rivojlantirish, madaniy almashinuvni kuchaytirish, nomoddiy madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish kabi muhim yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bu hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va talaba hamda o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Tashrifning asosiy voqealaridan biri O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Pekin “Ipak yo‘li madaniyatini rivojlantirish kompaniyasi” va “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama memorandum imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat madaniyat va ta’lim sohalarida birgalikdagi tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi, shu bilan birga O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Do‘stona va o‘zaro hurmat ruhida o‘tgan tashrif xoreografiya san’ati sohasida xalqaro hamkorlikning yangi ufqlarini ochmoqda.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan