Madaniy manzillar

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi o‘qituvchisi Useinova Susanna Enverovna “Zamonaviy raqs” yo‘nalishi 4-bosqich talabalarini Toshkent shahridagi ikki ajoyib madaniy maskan bilan tanishtirdi.

Birinchi manzil Regeneration Art Gallery bo‘lib, bu yerda zamonaviy rassom Serafim Dimning “AJDAHO — Hunar posboni” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Ekspozitsiya xalqona ramzlar va mifologik obrazlarni zamonaviy talqinda qayta ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan bo‘lib, asosiy ilhom manbai xalqning qadimiy an’analarini, tabiat bilan uyg‘unligini ifoda etuvchi milliy sopol hushtak hisoblanadi. Rassom ushbu obraz orqali Ajdaho — hunar va ijod posboni bo‘lgan afsonaviy timsol o‘ziga xos tarzda yoritilgan ko‘rgazmada talabalar zamonaviy tasviriy san’at namunalarini kuzatish, milliy meros va qadriyatlarni yangicha badiiy nigoh orqali anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Navbatdagi manzil — XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O‘zbekistonda ma’rifat, ta’lim va milliy uyg‘onish yo‘lida beqiyos hissa qo‘shgan jadidlar davriga, jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan multimedia ko‘rgazmasi bo‘lib, yorug‘lik installyatsiyalari, arxiv materiallari va ovozli ekspozitsiyalar orqali tomoshabinlar o‘sha davr muhitiga olib kiriladi.

Bu kabi madaniy manzillarda bo’lish xoreografiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga o‘z yurtining tarixiy-madaniy kontekstini chuqurroq anglash, vizual va ramziy obrazlardan ilhom olib, yangi sahna asarlarini yaratishda muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan