21-oktabr – O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

21-oktabr – O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan yurtimizda ona tilining nufuzini oshirish, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash va yosh avlod ongida tilga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan eng muhim sanalardan biri sifatida keng nishonlanmoqda.

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Ona tilim — g‘ururim, faxrim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Xusanov Nishonboy Abdusattorovich, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi sharhlovchisi Siddiqov Shokirjon Solijonovich, akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirni akademiya rektori, professor Sh.M.To‘xtasimov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berilishi xalqimizning mustaqillik sari tashlangan muhim qadamlardan biri ekanligini ta’kidladi va akademiyada 21–25-oktabr kunlari “O‘zbek tili haftaligi” deb e’lon qilinganligini qayd etdi.

Tadbir davomida so’zga chiqqan mehmonlar ona tilining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni, til – millatning ruhi va tafakkuri ekanligi haqidagi fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashdilar. So‘ngra akademiya talabalari tomonidan ona tilimizga atab bitilgan she’rlardan parchalar o’qildi. Tadbirning ko’tarinki ruhi talabalar ijrosidagi milliy raqs san’atining nafis namunalaridan bo‘lgan “Mustag‘zod” va “Lazgi” raqslari ijrosi bilan yanada ko’rkamlik kasb etdi.

 

 

 

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan