O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida tabiat uyg‘onishi, qalblar yangilanishi timsoli bo‘lgan Navro‘z ayyomi keng nishonlandi.
Ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan tashkil etilgan bayram dasturi milliy qadriyatlar, an’ana va zamonaviy san’at uyg‘unligini o‘zida mujassam etib, har bir lahza bahoriy kayfiyat va samimiyatga yo‘g‘rildi.
Bayram doirasida o‘tkazilgan “Sumalak sayli” qadimiy urf-odatlarimizning davomiyligini ifodalagan bo‘lsa, milliy taomimiz — osh tortilishi esa dasturxonga baraka va fayz olib kirdi.
Elimiz suygan ustoz san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi o‘zining yuksak badiiy darajasi bilan alohida e’tibor qozondi. O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov tomonidan buyuk sarkarda Amir Temur siymosiga bag‘ishlab ijro etilgan monolog chuqur ma’naviy-ta’sirchan ruhda namoyon bo‘lib, tadbir mehmonlari qalbida faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.
O‘zbekiston xalq artisti Sultonposhsha O‘dayeva ijrosidagi xorazmcha o’ynoqi va quvnoq qo‘shiqlar bayramga o’zgacha jo’shqinlik baxsh etdi.
Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining “Bahor” raqsi hamda akademiya talabalari ijrosidagi rang-barang jozibador va dilbar raqslar sahnada go‘yo tabiatning o‘zi raqsga tushgandek taassurot uyg‘otib, tomoshabinlarni sehrli olamiga olib kirdi.
Akademiya jamoasini bir dasturxonga to’plagan samimiy muhit va ko‘tarinki kayfiyat barchaga unutilmas taassurotlar ulashdi. Navro‘z nafaqat fasllar almashinuvi, balki inson qalbida ezgulik, mehr-oqibat va yangilanish g‘oyalarini mustahkamlovchi bebaho qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etdi.


















