Qoraqalpoq raqs san’ati an’analari — mahorat darsida amaliy talqin

Joriy yilning 8-may kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi mudiri Gulasal Usmanova tashabbusi bilan 1-kurs “Xoreografiya jamoalari rahbari” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun akademiyaning Urganch filiali “Xoreografiya” kafedrasi mudiri Abdiramanov Nokisbay Maratovich tomonidan mahorat darsi o’tkazildi.

Mashg’ulot davomida talabalarga Qoraqalpoq raqs maktabining shakllanish tarixi, uning boy madaniy ildizlari, asoschilari hamda milliy raqs san’atining o‘ziga xos badiiy va ijro xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, Qoraqalpoq raqs maktabiga xos asosiy qo‘l va oyoq holatlari, raqs harakatlari hamda ularning ijro texnikasi amaliy mashg‘ulotlar orqali namoyish etildi.

Shuningdek, mahorat darsi davomida Qoraqalpoq raqs maktabi asosida yigit va qizlar uchun maxsus o‘quv etyudi sahnalashtirilib, talabalarga mazkur raqs yo‘nalishining sahnaviy talqini va ijro uslublari bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Qoraqalpoq raqs san’ati xalqning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda asriy an’analarini o‘zida mujassam etgan noyob san’at turi ekani alohida ta’kidlanib, talabalar ushbu mashg‘ulot orqali milliy raqs maktabining nazariy va amaliy jihatlari yuzasidan muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

♾ Hamkorlik doirasida tashkil etilgan bunday mahorat darslari akademiya va uning filiali o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, pedagogik va ijodiy salohiyatni rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy metod hamda innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish maqsadida kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan