Joriy yilning 10-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bitiruvchilarining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi. Mazkur ijodiy kecha bitiruvchi talabalarning kasbiy mahorati, sahna madaniyati va ijodiy salohiyatini namoyon etgan yorqin madaniy voqeaga aylandi.
Konsert dasturidan o‘rin olgan ilk sahna asari — Sharl Perroning mashhur “Sohibjamol va Mahluq” ertagi asosida muhabbat, sadoqat va ezgulikni tarannum etuvch “Yovvoyi muhabbat” raqs-spektakli “Xoreografiya jamoalari rahbari” yo‘nalishi 4-bosqich talabalari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zDXA dotsenti Jo‘rabayeva Charos Xosiljonovna rahbarligida sahnalashtirildi. Pedagog-stajyor sifatida O‘zDXA magistranti Turapova Sitora To‘lqinovna faol ishtirok etdi.
Kechaning navbatdagi ijodiy ishi — “Tafakkur shakllari” nomli raqs-spektakl zamonaviy xoreografiya vositalari orqali inson tafakkuri, ichki kechinmalari va ruhiy izlanishlari badiiy talqin etilgan sahna asari bo’lib, “Zamonaviy raqs” yo‘nalishi, 4-bosqich talabalari tomonidan, O‘zDXA katta o‘qituvchisi Useinova Susanna Enverovna rahbarligida tayyorlandi.
Hisobot konserti, Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani motivlari asosida o‘zbek milliy qadriyatlari, muhabbat va hijron tuyg‘ulari nafis raqs kompozitsiyalari orqali mahorat bilan aks ettirilgan “Ayroliq” nomli milliy raqs-spektakli bilan yakunlandi. Mazkur sahna asari ham “Xoreografiya jamoalari rahbari” yo‘nalishi 4-bosqich talabalari tomonidan, akademiya dotsenti Ch.X.Jo‘rabayeva rahbarligida sahnalashtirildi.
✅ Hisobot konserti davomida bitiruvchilar o‘zlarining ijodiy yondashuvi, sahna mahorati va professional tayyorgarligini namoyish etib, tomoshabinlar va san’at ixlosmandlarida unutilmas taassurot qoldirdilar.









