Bugun O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida 2026-yil bitiruvchilarining hayotidagi muhim va unutilmas bosqich — bitiruv kechasi ko‘tarinki ruhda hamda tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tantanali tadbirni Akademiya rektori, professor Sh.Toxtasimov qutlov nutqi bilan ochib, bitiruvchilarni hayotlaridagi ushbu quvonchli va mas’uliyatli kun bilan samimiy muborakbod etdi. U yosh mutaxassislarga kelgusi kasbiy va ijodiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi marralar, yuksak zafarlar hamda yorqin istiqbollar tiladi.
Tadbir davomida bitiruvchilarga oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklarini tasdiqlovchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Akademiya professor-o‘qituvchilari va jamoasi vakillari bitiruvchilarni muborakbod etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ulkan ishonch bildirdilar hamda ezgu tilaklarini izhor etdilar.
Tantanali kechada bitiruvchilar ham so‘zga chiqib, o‘zlarining yaqin do‘stlari va safdoshlarini ushbu quvonchli kun bilan samimiy tabrikladilar. Shuningdek, ular ta’lim va tarbiya jarayonida bilim, tajriba va mehrini ayamagan ustozlariga, doimo qo‘llab-quvvatlab, ishonch va dalda berib kelgan ota-onalariga chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar ham so‘z olib, farzandlarining kamol topishi va yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishida munosib hissa qo‘shgan Akademiya rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar jamoasiga samimiy tashakkurlarini izhor etdilar. Ular bitiruvchilarga kelajakdagi hayot va kasbiy faoliyatlarida omad, baxt-saodat, ulkan yutuqlar va yorqin zafarlar tiladilar.
Quvonch, samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va unutilmas lahzalarga boy bo‘lgan ushbu tantanali kecha bitiruvchilar hayotidagi yangi va mas’uliyatli bosqichning yorqin ibtidosi bo‘ldi.
Aziz bitiruvchilar! Sizlarga kelgusi hayot yo‘lingizda mustahkam iroda, cheksiz ijodiy parvoz, ulkan muvaffaqiyatlar va yuksak marralarni zabt etishingizni tilaymiz! Akademiyada olgan bilim va tajribangiz kelajakdagi zafarlaringizga mustahkam poydevor bo‘lsin!









