XOTIRA KECHASI BO’LIB O’TDI

Joriy yilning 4-dekabr kuni O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Akbar Mo’minov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan «Ustoz yodi abadiydir» deb nomlangan xotira kechasi bo’lib o’tdi.

Ushbu xotira kechasiga ustozni yod etish uchun raqs san’atimizning ulug’ vakillari, shogirdlar, oila a’zolari va akademiyaning professor-o’qituvchilari hamda talabalar tashrif buyurdilar.

Tadbirni O’zDXA rektori Shuhrat Toxtasimov kirish so’zi bilan ochib, A.Mo’minov singari buyuk iste’dod egalari, kasb fidoiylarini yod etishdek bu kabi xayrli ishlar doimiy tashkil etilishi zarurligini ta’kidlab o’tdi.

Tadbirda san’atimizning ulug’ vakillari A.Mo’minovni xotirlab, u kishi bilan bog’liq yoshlik xotiralari, insoniylik fazilatlari, o’z kasbining chinakam fidoiysi sifatida raqs san’atimizga qo’shgan ulkan hissasi haqida so’zladilar.

Tadbirning badiiy qismida «O’zbekiston» davlat ashula va raqs ansambli tomonidan A.Mo’minov yaratgan betakror raqslar ijro etildi. Shu o’rinda aytish joizki, ushbu raqslar ustozga munosib shogird – O’zbekiston xalq artisti, «O’zbekiston» davlat ashula va raqs ansambli bosh badiiy rahbari Qodir Mo’minov tomonidan qayta sahnalashtirilgan bo’lib, ansambl repertuaridan to’laligicha joy olgan.

Shuningdek, tadbirda «O’zbekiston» davlat ashula va raqs ansambli xonanda hamda sozandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar barcha tadbir ishtirokchilariga hushkayfiyat ulashdi.

Tadbir so’ngida A.Mo’minovning oila a’zolari ushbu xotira kechasini tashkil etgan barchaga o’z minnatdorchiligini bildirdilar. O’zbek raqs san’atining ulug’ namoyondasi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, uztozimiz Mo’minov Akbar Nishonovich tavalludining 85 yilligiga bag’ishlangan «Ustoz yodi abadiydir» deb nomlangan xotira kechasi yuqori saviyada va ko’tarinki ruhda bo’lib o’tdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan