Bugun, 16-fevral kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qozog’iston o’zbeklari etnomadaniyat birlashmalari «Do’stlik» hamjamiyati, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” DM bilan hamkorlikda ulug‘ mutafakkir, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy kecha hamda buyuk shoir g‘azallarini ifodali o‘qish bo‘yicha tashkil etilgan talabalar o‘rtasidagi xalqaro tanlovning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’naviy-ma’rifiy kechani O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektor Nozim Qosimov kirish so’zi bilan ochib, tadbirni tashkil etgan hamkor tashkilotlar va akademiyaning “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hulkar Hamrayevaga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, H.Hamroyeva so’zga chiqib navbatni ulug’ shoirning serjilo ijodi va zahmatli hayot yo’li haqidagi ma’ruzalarga berdi. Qozog‘iston xalq assambleyasi, Qozog‘iston o‘zbek etnomadaniy birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyati raisi, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ikromjon Hoshimjonov, Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti dotsenti Shahlo Noraliyeva, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi Chimkent shahar bo‘limi rahbari Salimjon G‘aniyev, Turkiyadagi Afg‘oniston o‘zbeklari madaniyat markazi mas’ul xodimi, jurnalist Nasir Ahmad O‘zbek o‘g‘li, Moskva davlat lingvistika universiteti talabalari, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 4 va 17- umumiy о‘rta ta’lim maktabi, Qozog‘iston respublikasi Chimkent shahridagi 53- umumiy о‘rta ta’lim maktabi, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 2-3-umumiy о‘rta ta’lim maktabi, 2-IDUM o‘quvchilari hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining bir guruh iqtidorli talabalari ishtirok etib, buyuk qalb egasi, hassos shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti bo‘yicha qiziqarli va mazmunli ma’ruzalar qildilar va ulug‘ o‘zbek shoirining g‘azallari hamda ruboiylaridan o‘qib berdilar.
Tadbir so‘ngida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga munosabati bilan tashkil etilgan buyuk shoir g‘azallarini ifodali o‘qish bo‘yicha talabalar o‘rtasidagi xalqaro tanlov g‘oliblari diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandilar.