BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro nogironlar kuni butun dunyoda 3-dekabr kuni nishonlanadi.
Shu kun munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida “Xoreografiya san’ati orqali imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan multimedia mahsulotini yaratish” mavzusidagi grant loyiha doirasida “Inson qadri uchun” shiori ostida “Biz tengmiz-bir jamoamiz” deb nomlangan ilmiy-ijodiy tadbir bo’lib o’tdi.
Dasturni O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo’ldoshev va O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Lola Eltoyeva olib bordi.
Tadbirni O’zbekiston Respublikasi bosh vaziri o’rinbosari, Turdikulova Shahlo Utkurovna tabrik so’zi bilan boshlab berdi.
Shuningdek Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig’i Fazilat Qodirova sana munosabati bilan tashrif buyurganlarni tabriklab, sihat salomatlik tilar ekan, 1992 yilda BMT Bosh Аssambleyasi qaroriga binoan har yili nishonlanib kelinayotgan ushbu bayramning asosiy maqsadi jamiyatda nogironlar duch kelayotgan muammolarni yaxshiroq tushunish, ularni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat ekanligini aytib o’tdi.
Dastur davomida Respublikamizdagi turli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab o’quvchilari o’zlarining ijod na’munalari, kuy-qo’shiq va raqslari bilan faol ishtirok etdilar.
Tadbir so’ngida O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuhrat Toxtasimov va Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig’i Fazilat Qodirova boshchiligida tadbir ishtirokchilariga tashakkurnoma va sovg’alar topshirildi.
Estrada xonandalari Aziz Rajabiy, Yorqinxo’ja Umarov va Akbar tomonidan ijro etilgan qo’shiqlar tadbir ishtirokchilari hamda bolalarga o’zgacha zavq bag’ishladi.