Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida 2021-yil 26-mart kuni “Oʻzbek tilida xoreografik terminlarning shakllanishi: bugungi holati va taraqqiyot bosqichlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi. Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F raqamli farmoyishi asosida 2020-yil apreldan 2021-yil martga qadar boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining granti asosida FZ-202001063 raqamli “Xoreografik terminlar izohli lugʻati va uning multimedia shaklini yaratish” nomli amaliy loyiha doirasida oʻtkazildi.
Anjumanni akademiya rektori Sh.M.Toxtasimov kirish soʻzi bilan ochib berdi. OʻzDXA ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.K.Gʻofurov anjuman ishiga moderatorlik qildi. Yalpi majlisda loyiha rahbari – OʻzDXA professori, filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, professor G.E.Xoliqulova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri Baxtiyor Mengliyev, Urganch davlat universiteti kafedra mudiri Botir Rahimovlar maʼruza qildilar. Soʻngra anjuman ishi 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda davom ettirildi.