Xotira va qadriyat darsi: “Shahidlar xotirasi” talaba nigohida

Millatimiz ma’rifatparvar oydinlari xotirasini yod etish, ularning Vatan oldidagi ulkan xizmatlarini qadrlash barchamizning insoniylik burchimizdir. Zero, jadid bobolarimiz xalq ozodligi, bugungi emin-erkin kunlar uchun jonini fido etgan edi. Qatag‘on qurbonlari taqdiri bizni mustaqilligimizni yanada qadrlashga, uni asrab-avaylashga undaydi.

Yaqinda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani o‘qituvchisi Akbar Ro‘ziyev boshchiligida “Xoreografiya jamoalari rahbari” va “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishlari 1-bosqich talabalari poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonini ziyorat qildik.

Biz yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirishda bu kabi ziyoratlar juda muhim bo’lib, talabalar bu yerda o‘zbek xalqining mustaqillik yo‘lida kechirgan mashaqqatli sinovlari, begunoh qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz hayoti bilan yaqindan tanishdilar.

Safar davomida talaba-yoshlar xiyobon hududida joylashgan yodgorliklarni tomosha qilib, 1937–1953-yillarda O‘zbekistonda 100 mingga yaqin inson qatag‘onga uchragani, ulardan 13 ming nafari otib tashlangani yana bir bor yodga olindi. Bu, nafaqat ularning avlodlari, balki butun xalqimiz qalbida bitmas iztirobdir. Shu bois oradan necha o‘n yillar o‘tgan bo‘lsa-da, barchamiz o‘sha mudhish davrni og‘riq bilan eslaymiz.

Mustabid tuzum davrida yurtimiz ozodligi uchun kurashgan yuz minglab vatandoshlarimiz qatag‘on qilindi, – dedi O‘zDXA o’qituvchisi A.Ro‘ziyev. – Ularning ko‘pchiligi “xalq dushmani” degan tuhmat tamg’asi bilan shafqatsizlarcha otib tashlandi. Yana qanchalari surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etildi.

Akademiya talabalari uchun bu ziyorat nafaqat ma’naviy-ma’rifiy saboq bo‘ldi, balki ularni tarixni unutmaslikka, o‘tmishdan ibrat olishga va istiqbolda Vatan xizmatiga sadoqat bilan yondashishga chorlagan muhim dars bo‘lib xizmat qildi.

Safar yakunida esa Allohdan o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan