Joriy yilning 18–20-may kunlari Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro Forum doirasida o‘tkazilgan “Madaniyat ta’limida sun’iy intellektning ahamiyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi vakillari ham ishtirok etdilar.
Jumladan, yalpi majlisda pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b. Shaxzoda Xudoynazarova “Inklyuziv ta’limda xoreografiya san’ati va uning ahamiyati”, sho‘ba yig‘ilishlarida “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi o‘qituvchilari Yelena Kari-Yakubova “Globallashuv sharoitida xalq raqsi autentikligini saqlash” va Dilafro‘z Dosjanova esa “Yangi O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida xoreografiya ta’limini modernizatsiyalash” mavzularidagi ma’ruzalar bilan qatnashdilar.
Shuningdek, forum doirasida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Krasnodar davlat madaniyat instituti, Belarus davlat musiqa akademiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.











