AKADEMIYA HAQIDA

Sо‘ngi yillarda mamlakatimizda о‘zbek raqs san’ati sohasida keng kо‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2020 yilda О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi. Akademiya tarkibiga Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati kiritildi, shuningdek, akademiya huzurida Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari tashkil etildi.

Xoreografiya ta’limi sohasiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor milliy raqs san’ati ustalarini, tajribali о‘qituvchi va murabbiylarni, yosh san’atkorlarni yangi О‘zbekiston san’ati rivojiga munosib qissa qо‘shishga chorlaydi.

 

О‘zbekistonda professional xoreografiya ta’limi 1933-yilda tashkil etilgan Respublika balet maktabidan boshlangan. Uning tashkilotchilari va birinchi о‘qituvchilari о‘zbek raqs san’atining mashxur namoyandalari Tamaraxonim, U.O.Komilov, M.Turg‘unboyeva, YE.K.Obuxova va V.N.Gubskayalar bо‘lishgan.

Balet maktabining, keyinchalik xoreografiya bilim yurtining birinchi bitiruvchilari raqs ansambllari, Davlat Akademik Katta teatri professional asosini tashkil etib, О‘zbekiston san’ati shon-shuhratini dunyo bо‘ylab namoyon etishdi.

Galiya Izmaylova, Bernora Qoriyeva, Klara Yusupova, Gulnora Mavayeva, Valentina Proskurina, Ibragim Yusupov, Qо‘rqmas Sagatov, Vitaliy Vasilyev, Guli Xamrayeva, Ma’mura Ergasheva, Qodir Mо‘minovlar mamlakatimiz raqs san’ati tarixida yorqin iz qoldirishdi.

 

Milliy raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish maqsadida, О‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Farmoniga binoan oliy ta’lim muassasasi – Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tashkil etildi.

TDMRXOMning tashkil etilishi uzluksiz ta’lim tizimini uzoq muddatli va maqsadli dasturini amalga oshirishga, ya’ni balet artisti, ansambl artistini tayyorlaydigan о‘rta-maxsus bosqichdan yuqori malakali mutaxassislar – rejissyor-baletmeyster, pedagog-xoreograf, xoreografik jamoalar rahbari, san’atshunos kabi bakalavr va magistrlarni tayyorlash imkonini yaratdi.

Akademiyada tizimdagi vorislik va uzluksizlik saqlanib kelinmoqda. Ixtisoslashgan xoreografiya maktab-internatini tugatgan bitiruvchilar О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida ta’lim olish imkoniyatiga ega.

 Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni istaganlar magistraturada ta’lim olish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda О‘zDXAda magistrlarni о‘qitish ham byudjet, ham tulov-kontrakt asosida olib borilmoqda.

Ta’lim uzluksizligi, ya’ni ixtisoslashgan xoreografiya maktab-internatdan boshlab magistraturagacha olib borilgan о‘quv jarayoni natijasida  yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatini yaratdi.