Yakkasaroy tumanida Milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Yakkasaroy tumanidagi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida milliy madaniyatimiz va an’anaviy kiyinish uslublarini keng targ‘ib etish maqsadida Milliy liboslar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, hokim o‘rinbosarlari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining talabalari hamda mahalliy dizaynerlar ishtirok etdilar.

Ko‘rgazma davomida milliy liboslarning o‘ziga xos jihatlari, tarixiy rivojlanish yo‘nalishlari hamda zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan yangi uslublari namoyish etildi.

Talabalar tomonidan ishlab chiqilgan liboslar milliy qadriyatlarimizni aks ettirish bilan birga, zamonaviy moda yo‘nalishlariga ham mosligi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zbek milliy liboslarining naqshinkor bezaklari, rang-barangligi, kiyinish madaniyatidagi o‘ziga xos jihatlar haqida fikr almashdilar.

Shundan kelib chiqib, milliy liboslarning nafaqat milliy an’analarni saqlash, balki uni kelajak avlodga yetkazish, modalar jarayonida munosib o‘rin egallashini ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida urg‘u berildi.

Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova o‘z nutqida bunday tadbirlarning ahamiyati haqida to‘xtalib, milliy liboslarimiz orqali madaniyatimiz va san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, yosh dizaynerlar va talabalarga o‘z ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni modalar olamiga olib kirishda qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligini qayd etdi.

Bunday ko‘rgazmalar milliy an’analarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, milliy liboslarimizning zamonaviy va innovatsion yo‘nalishlarda rivojlanishiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan