Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari respublika teletanlovini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida mahorat darslari tashkil etilmoqda.
Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 406-son qaroriga ko‘ra, o‘tkazilishi belgilangan Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari respublika teletanlovini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Madaniyat vazirligi tomonidan joriy yilning 3–5-aprel kunlari O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida ishtirokchilarning badiiy va ijodiy malakasini oshirish maqsadida tanlov oldi mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Mahorat darslarida “O‘zbekiston davlat filarmoniyasi” davlat muassasasi hududiy bo‘linmalarining 1 nafar baletmeysterlari va hududlardagi madaniyat va san’at ta’lim muassasalarda faoliyat yuritayotgan 1 nafar o‘qituvchilar malaka oshirishmoqda. Jami 25 nafar baletmeystr va o‘qituvchilarga O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhammedova O‘g‘iloy, O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, Baletmeyster, san’atshunos Nurxon Zulinova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulnora Jo‘rayeva O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Malohat Mahmudova, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilbar Yunusova hamda baletmeyster Damera Sagirovalar dars mashg‘ulotlarini o‘tkazishmoqda.
Uch kunga mo‘ljallangan ushbu dars mashg‘ulotlarida ustoz san’atkorlar tomonidan ishtirokchilarga har bir kunning uch qismida “Dilxiroj”, “Tanovar”, “Munojot”, “Andijon polkasi”, “Uchrashuv”, “Rohat”, “Hayolimda o‘zing”, “Qo‘g‘irchoq” va “Pilla” kabi raqslar o‘rgatilmoqda.