OʻZBEKISTON DAVLAT XOREOGRAFIYA AKADEMIYASI “XOREOGRAFIYA JAMOALARI RAHBARI” 4-KURS TALABALARINING BITIRUV MALAKAVIY IMTIHONI BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 4-iyun kuni Muqimiy nomidagi Oʻzbek davlat musiqali drama teatrida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” 4-kurs talabalarining bitiruv malakaviy imtihoni boʻlib oʻtdi.
Ijodiy imtihonning birinchi qismida A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani asosida sahnalashtirilgan “Ikki dil” raqs-spektakli, ikkinchi qismida dunyoga mashhur raqqosa Aysedora Dunkan hayoti va ijodiga bagʻishlangan “ISADORA” raqs-spektakli va soʻnggi qismda “Raqslar guldastasi” namoyish etildi.
Fan oʻqituvchilari I.Gorlina, G.Usmonova hamda kurs rahbari Sh.Xudoynazarova boshchiligida tayyorlangan ushbu dastur imtihonga tashrif buyurgan faxriy ustozlar va barcha mehmonlarga manzur boʻldi. Raqs-spektakllardagi tanlangan mavzular, ulardagi dramatizm, talabalarning betakror ijro maxorati toʻxtovsiz olqishlarga sabab boʻldi.
Ushbu konsertga akademiya tomonidan doimiy tarzda tashkil etilgan “Mahallabay” madaniy-maʼrifiy, targʻibot tadbirlari davomida Yakkasaroy tumani “Bogʻisaroy” va “Konstitutsiya” MFYda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, raqs sanʼatiga qiziquvchi yoshlar ham taklif qilingan edi. Konsert dasturiga ularning tashrifi, olqishlari, quvonchlari va yoshlar orasida Xoreografiya akademiyasida tahsil olish istagini bildirgan yoshlarning borligi quvonarli hol boʻldi.
Taklif uchun chuqur minnatdorchilik bildirgan mehmonlar kelgusida mana shunday konsert-spektakllar, mazmunli, maroqli tadbirlar koʻplab tashkil etilishi istagini bildirishdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan