O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari va pedagoglari Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida namoyish etilgan mashhur balet — “Qizil Jizel” spektaklini tomosha qildilar.
Joriy yilning 14–15–16-aprel kunlari O‘zbekiston san’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro balet festivali doirasida namoyishi bo‘lib o‘tgan ushbu sahna asari Boris Eyfman tomonidan yaratilgan bo‘lib, Pyotr Ilyich Chaykovskiy, Alfred Shnitke hamda Jorj Bize musiqalari asosida sahnalashtirilgan.
Mashhur balerina Olga Spesivtseva hayoti, inqilob va muhojirlik davridagi murakkab taqdiri haqida hikoya qiluvchi mazkur balet spektali psixologik chuqurligi, plastika orqali ifodalangan ichki kechinmalar, zamonaviy xoreografiya va ta’sirchan sahna yechimlari bilan tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.


