Joriy yilning 17-oktabr kuni Toshkent viloyati Angren shahridagi 23-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda mazkur ta’lim muassasasi hamkorligida o‘zbek raqsini o‘rgatish metodikasi fanidan seminar-trening va mahorat darslari tashkil etildi.
🫥 Mahorat darslarini O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining «Xoreografiya jamoalari rahbari» kafedrasi professori, «Do‘stlik» ordeni va «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni sohibasi Saitova Erkinoy Yakubovna, Angren shahridagi 23-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi xoreografi Mirzaahmedova Nilufar Abduganiyevna, shuningdek, 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi xoreograflari Babadjanova Sayora Sayfuddinovna hamda Madaminova Mohidilhon Polatjanovnalar olib bordi.
🎯 Seminar-treningning asosiy maqsadi pedagog va xoreograflar o‘rtasida ilg‘or pedagogik tajriba almashish, o‘zbek milliy raqsini o‘qitishning zamonaviy metod va usullarini takomillashtirish, ijrochilik mahoratini rivojlantirish hamda milliy raqs san’ati an’analarini yosh avlodga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
💃 Mahorat darslari davomida milliy raqs ijrochiligi, sahna madaniyati va pedagogik yondashuv masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday amaliy mashg‘ulotlar mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ijodiy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zbek milliy raqs san’atini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.





