Kuni kecha, 18-oktyabr kuni Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli 08366-sonli harbiy qismda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
💠 Tadbirni kirish so‘zi bilan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori (DSc), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hulkar Hamroyeva ochib berdi.
✅ O‘z ma’ruzasida ona tilining milliy o‘zlik, ma’naviyat va vatanparvarlikni shakllantirishdagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni ta’kidladi:
“Ona tili — xalqimizning asrlar davomida shakllangan tafakkur xaritasi va ma’naviy qalqonidir. Harbiy xizmatchilarimiz uchun ona tilini mukammal bilish va unga sadoqat ko‘rsatish, harbiy qasamga sodiq qolish hamda Vatan mudofaasida ma’naviy barqarorlikni ta’minlash demakdir. Chunki mardlik va jasorat, avvalo, milliy g‘ururdan, milliy g‘urur esa o‘z tiliga bo‘lgan yuksak ehtiromdan boshlanadi. Tilimiz yashar ekan, millatimizning or-nomusi va sarhadlarimiz daxlsizligi ham bardavom bo‘ladi”.
♾ Shuningdek, globallashuv davrida ona tilimizning raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash, ilm-fan va harbiy soha terminologiyasini milliy tilimiz imkoniyatlari asosida rivojlantirish hamda o‘zbek tilidan zamonaviy hayotning barcha jabhalarida keng foydalanish bugungi avlodning muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.
✅ Mazmunli va samimiy ruhda o‘tgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv harbiy xizmatchilar hamda yoshlar qalbida milliy g‘urur, Vatanga sadoqat va ona tiliga hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qildi. Tadbir ona tilimizning jamiyat hayotidagi nufuzi va qadr-qimmatini ulug‘lash, milliy qadriyatlarimizni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim ma’naviy qadam bo‘ldi
✍️Tayyorladi: O‘zDXA “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Odinaxon Allayarova.


