1 oktyabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni!

Muhtaram ustozlar, ushbu ulug’ bayram bilan hayot so’qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik vazifasini sharaf bilan bajarib kelayotgan siz aziz o’qituvchi va murabbiylarni samimiy qutlayman!

Har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz. Avvaliga maktabgacha ta’lim muassasasi, keyin maktab, navbati bilan oliy o’quv yurtida ustozlardan saboq olamiz.

Xalqimizning ustoz otangdek ulug’, degan purhikmat naqlida ham o’qituvchi va murabbiylarga bo’lgan samimiy ehtirom namoyon. Bu bayram, avvalo, o’zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko’z nuri va qalb qo’ri, butun borlig’ini ayamasdan, ma’rifat yo’lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.

Haqiqatan ham, ko’z nuri va qalb qo’rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag’ishlagan, bir so’z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo’ladi. Ustozlarimiz o’giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo’lmaymiz.

Aziz hamkasblar, muhtaram ustozlar, barchangizni 1 oktyabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy muborakbod etib, yosh avlodga ziyo nurini taratishdan aslo charchamang, deyman.

Shuxrat TOXTASIMOV,
O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan