O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi o‘qituvchilari A.A.Magdiyeva va M.M.Mahmudova xalqaro hamkorlik doirasida, 2023-yil 17-apreldagi Memorandumga muvofiq, 2026-yil 2-martdan 2-aprelgacha Qozog‘iston Respublikasi, Muxtar Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida tajriba almashish va malaka oshirish dasturida ishtirok etdilar.
Stajirovkaning asosiy maqsadi zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘rganish, xalqaro akkreditatsiya tizimlari bilan tanishish hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv jarayoniga tatbiq etishga qaratildi. Shuningdek, ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur davomida kredit-modul tizimi asosida o‘qitish jarayoni, talabaga yo‘naltirilgan ta’lim yondashuvlari, zamonaviy pedagogik innovatsiyalar, xalqaro akkreditatsiya va ta’lim sifatini ta’minlash tizimlari, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish metodikalari, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari bo‘yicha amaliy va nazariy bilimlar mustahkamlandi hamda o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etishning ilg‘or usullari o‘rganildi.
Akademiya o‘qituvchilari tajriba almashish va malaka oshirish jarayonida ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarida, interaktiv treninglarda hamda kafedralarning amaliy faoliyatida faol ishtirok etdilar. Kredit tizimi asosida o‘quv jarayonini tashkil etish tajribasi o‘rganildi, dars berish metodikalari tahlil qilindi, professor-o‘qituvchilar bilan tajriba almashildi hamda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, ta’lim mazmunini real kasbiy faoliyat bilan integratsiya qilish bo‘yicha yondashuvlar ham o‘zlashtirildi.
Muhim yo‘nalishlardan biri sifatida sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo‘llash masalasi o‘rganilib, AI vositalari va raqamli platformalardan o‘quv materiallarini tayyorlash hamda darslarni rejalashtirishda foydalanish tajribasi orttirildi.
Dastur doirasida akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Stajirovka va malaka oshirish jarayonida olingan bilim hamda amaliy tajribalar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, xalqaro ta’lim standartlari, shuningdek raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga samarali joriy etish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi hamda o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.









